Epidemiologiya bo‘limi

O‘zbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining 2023-yil 23 dekabrdagi 79-son buyrug‘iga 15a-ilova

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining Epidemiologiya bo‘limi to‘g‘risida namunaviy

 

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik  osoyishtaligi  to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”
    2020-yil 27-iyuldagi PQ-4790-son qarori, “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-son Farmoni va Qo‘mitaning “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi
    faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2023-yil 11-iyuldagi 32-son buyrug‘iga muvofiq ishlab chiqilgan va hududiy boshqarmalarning Epidemiologiya bo‘limi vazifalari va funksiyalari, huquqlari va javobgarligi, faoliyatini tashkil etish va hisobdorligini belgilab beradi.
  2. Bo‘lim o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari, farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qo‘mitaning qarorlari, buyruq va ko‘rsatmalariga shuningdek mazkur Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
  3. Bo‘lim o‘z faoliyatini davlat organlari va tashkilotlari, nodavlat tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda va boshqarmalarning tuman (shahar) bo‘limlari orqali amalga oshiradi.
  4. Bo‘lim o‘z hududidagi tashkilot, muassasalarning yuqumli kasalliklar profilaktikasi sohasida faoliyat yuritayotgan tarkibiy tuzilmalari ishini muvofiqlashtirib boradi va ular ustidan uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi.

2-bob. Bo‘limning asosiy vazifalari va funksiyalari

  1. Quyidagilar Bo‘limning asosiy vazifalari hisoblanadi:

yuqumli kasalliklar profilaktikasi hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasida yagona davlat siyosatini olib borish, davlat dasturlariga takliflar tayyorlash va hududiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

manfaatdor tashkilot va muassasalar bilan birga hududda yuqumli kasalliklar bo‘yicha sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash va ularning tarqalishining oldini olish borasidagi kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirilishini tashkil etish;

yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yuqumli kasalliklarni profilaktikasi borasidagi amaldagi hujjatlar, shu bilan birga sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (SanQvaN) rioya qilinishini belgilangan tartibda o‘rganish va tekshirishlar o‘tkazish, aniqlangan qonun buzilishi holatlari bo‘yicha javobgarlik choralarini belgilash to‘g‘risidagi takliflarni tayyorlash;

faoliyat ko‘rsatayotgan hududda yuqumli kasalliklar va ularning tarqalishiga ta’sir etuvchi omillarni, potensial xavf-xatarlarni aniqlash, baholash xamda samarali profilaktik chora-tadbirlarni tashkillashtirish;

yuqumli kasalliklar yuzaga kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan profilaktik, epidemiyaga qarshi va sanitariya-gigienik tadbirlari o‘tkazilishini tashkil qilish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish;

yuqumli kasalliklar bo‘yicha operativ va retrospektiv epidemiologik tahlillar o‘tkazish, o‘tkazilgan epidemiologik tahlillar natijasida yuqumli va parazitar kasalliklarni oldini olish yuzasidan samarali tadbirlar ishlab chiqish, tadbirlarni muvofiqlashtirish va nazorat o‘rnatish;

yuqumli kasalliklar yuzaga kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan tahlil qilishning yangi shakllari va usullarini amaliyotga joriy etish;

Qo‘mitaning tegishli Bo‘limlari bilan hamkorlikda o‘z hududida yuqumli kasalliklarning dolzarb masalalari bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash hamda shu yo‘nalishlarda maxsus tadqiqotlar olib borish;

yuqumli kasalliklar o‘choqlarini bartaraf etish uchun majmuaviy
sanitariya-gigiyena, profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda qatnashish.

Bo‘lim yuqumli kasalliklar profilaktikasi sohasida qonun hujjatlariga muvofiq ravishda boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.

  1. Boʻlim quyidagi funksiyalarni bajaradi:

yuqumli kasalliklar profilaktikasi hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasida davlat dasturlarini ishlab chiqishda asoslangan takliflar berish va hududiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;

zaruratga koʻra yuqumli kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalariga takliflarni tayyorlash va kiritish;

yuqumli kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha Qo‘mitaning tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan qabul qilingan qarorlarga, shuningdek, ularning mansabdor shaxslarining harakatlariga nisbatan shikoyatlarni ko‘rib chiqish;

hududida yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish borasidagi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

manfaatdor tashkilotlar bilan birga yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi manbalarni yo‘q qilishga, antroponoz va zooantroponoz infeksiyali tarqalishining oldini olishga qaratilgan faoliyatni amalga oshirish;

belgilangan tartibda davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan, sanitariya-epidemiologiya sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi ustidan belgilangan tartibda davlat sanitariya-epidemiologiya nazoratini laboratoriya va instrumental tadqiqot usullarini qo‘llagan holda amalga oshirish;

qonun hujjatlariga ko‘ra aholiga diagnostika, davolash-profilaktika xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini o‘rganishda ishtirok etish;

nazoratdagi obyektlar ishchi-xodimlarini yuqumli kasalliklarga majburiy, dastlabki va davriy tibbiy ko‘riklarni o‘tkazish tartibi va davriyligini hamda tibbiy tashkilotlar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishining to‘liqligini, haqqoniyligini nazorat qilish;

nazorat obyektlarida yuqumli kasalliklarini kelib chiqishi holatlari ustidan nazorat olib borish;

yuqumli kasalliklar manbai bo‘lgan, shuningdek, tibbiy ko‘riklardan o‘z vaqtida o‘tmagan shaxslarni vaqtincha ishdan chetlashtirish to‘g‘risida ish beruvchilarga taklif kiritish;

hududlarni, yuqumli kasalliklarning olib kirilishi, olib o‘tilishi va tarqalishidan sanitariya-epidemiologik jihatidan himoya qilish bo‘yicha sanitariya-gigiyenik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ijrosini nazorat qilish;

aholiga yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlashlar o‘tkazishni tashkil etish, o‘tkazilgan emlashlar sifati va samaradorligini tahlil qilish;

yuqumli kasalliklar o‘choqlarida epidemiologik surishtiruv ishlarini amalga oshirish, epidemik o‘choqlarda epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish;

yuqumli kasalliklar yuzaga kelishining oldini olishga va ularni kamaytirishga, ular yuqish yo‘llari va omillariga ta’sir ko‘rsatishga va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar bilan bog‘liq bo‘lgan epidemiologik asoratlar oqibatlarini tugatishga qaratilgan profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar o‘tkazilishini tashkil etish;

yuqumli kasalliklar tarqalishi ustidan operativ va retrospektiv epidemiologik nazoratni amalga oshirish;

hududida yuqumli kasalliklarning tarqalishiga ta’sir qiluvchi tendensiyalar va qonuniyatlarni aniqlash;

tuman (shahar) bo‘limlariga quyidagi amaliy-uslubiy yordamlar ko‘rsatish:

sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar bilan ta’minlash;

jamoa, turli davlat va nodavlat tashkilotlar ishchi xizmatchilari, xodimlari va boshqalar o‘rtasida aholining sanitariya hamda epidemiologik savodxonligini oshirish maqsadida yuqumli kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha sanitar targ‘ibot ishlarini o‘tkazish.

Bo‘lim yuqumli kasalliklar profilaktikasi sohasida qonun hujjatlariga muvofiq ravishda boshqa funksiyalarni ham bajarishi mumkin.

3-bob. Bo‘limning huquqlari va javobgarligi    

  1. Bo‘lim o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

davlat organlari va boshqa tashkilotlari faoliyatida yuqumli kasalliklar profilaktikasi sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini o‘rganish;

davlat organlari va boshqa tashkilotlarga yuqumli kasalliklar profilaktikasi sohasida aniqlangan kamchiliklar, huquqbuzarliklar, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlar, ularni bartaraf etish haqida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar loyihasini tayyorlash;

yuqumli kasalliklar profilaktikasi sohasidagi qonun hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida mansabdor shaxslarga ogohlantirish, ko‘rsatma va tavsiya xatlarini tayyorlash;

inson hayoti va salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘diruvchi yuqumli kasalliklar tarqalishi yoxud texnogen yoki tabiiy xususiyatga ega halokat sodir bo‘lishi real xavfi vujudga kelganda mulkchilik shaklidan qat’iy nazar obyektlarda tekshirishlar o‘tkazish;

favqulotda vaziyatlarda, epidemiyalar xavfi yuzaga kelganda va guruhli kasalliklar qayd etilganda (davolash muassasasi xabari, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari va boshqa hollarda) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazish;

davlat organlari va mansabdor shaxslardan Bo‘limga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar va axborotlarni, shu jumladan statistik ma’lumotlarni so‘rash va bepul olish;

o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash uchun rahbariyat bilan kelishilgan holda hokimliklar va idoralar, shuningdek, boshqa tashkilotlar vakillarini chaqirish va jalb etish;

yuqumli kasalliklar profilaktikasi soxasida konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlarni tashkil etish hamda boshqa tashkilotlar tomonidan tashkil etilayotgan shunday tadbirlarda ishtirok etish;

yuqumli kasalliklar profilaktikasi masalalarini ko‘rib chiqishda epidemiyaga qarshi kurash komissiyasi yig‘ilishlari, Sog‘liqni saqlash boshqarmalarining Hay’ati yig‘ilishlari, Sanitariya-epidemiologiya kengashlariga ma’lumotnoma tayyorlash va yig‘ilishda ishtirok etish.

Bo‘lim qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

  1. Bo‘lim:

yuqumli kasalliklar profilaktikasi sohasida unga yuklangan vazifalar va funksiyalarning o‘z vaqtida hamda samarali bajarilishi;

yuqumli kasalliklar bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlarga erishishni ta’minlash bo‘yicha ishlarining tashkil etilishi;

yuqumli kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha hududiy dasturlar, ish rejalari, tadbirlar, yo‘l xaritalari va boshqa dasturiy hujjatlarning amalga oshirilishi bo‘yicha javobgar hisoblanadi.

4-bob. Bo‘lim faoliyatini tashkil etish va hisobdorligi

  1. Bo‘limga Qo‘mitaning hududiy boshqarmasi boshlig‘i tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan Bo‘lim boshligʻi boshchilik qiladi.
  2. Bo‘lim boshlig‘i lavozimiga Boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bilan kelishilgan holda, yuqori malakali mutaxassis – vrach epidemiolog tayinlanadi.
  3. Bo‘lim boshlig‘i:

tizimli ravishda Bo‘lim faoliyati bo‘yicha bevosita yoʻnalish boʻyicha Boshqarma boshligʻi oʻrinbosariga hisobot beradi;

Bo‘limdagi barcha xodimlarga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi bo‘yicha ular faoliyati yuzasidan muntazam monitoring olib boradi, ularning faoliyat samaradorligiga xolisona baho beradi.

monitoring va baholash yakunlari bo‘yicha alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarni rag‘batlantirish yoxud yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar uchun intizomiy jazo qoʻllash toʻgʻrisida Boshqarma boshligʻiga taklif kiritadi.

  1. Bo‘lim boshlig‘i ish o‘rnida bo‘lmagan vaqtda, xususan xizmat safarida, mehnatga layoqatsizlik davrida uning vazifalari mutaxassislardan biriga yuklanadi. Shuningdek, mutaxassislardan biri ish o‘rnida bo‘lmagan vaqtda uning vazifalari bo‘limdagi boshqa mutaxassisga, agar bo‘lim 1 ta mutaxassis va bo‘lim boshlig‘idan iborat bo‘lsa bo‘lim boshlig‘iga vaqtincha yuklatiladi.
  2. 13. Bo‘lim mutaxassislari:

o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalarning ijrosi uchun shaxsan javobgardir;

Boshqarma boshligʻi va o‘rinbosarlari hamda Boʻlim boshligʻi tomonidan berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida ijro etadi;

hududiy boshqarmalarning faoliyati bo‘yicha hisobotlar qabul qiladi, jamlaydi va tahliliy ma’lumotlar tayyorlaydi

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

  1. Bo‘limni qayta tashkil etish yoki tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
  2. Ushbu nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan xodimlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

 

O‘zbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining

2023-yil 23-dekabrdagi 79-son buyrug‘iga 15b-ilova

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining tuman (shahar) bo‘limlarining Epidemiologiya va immunoprofilaktika bo‘limi to‘g‘risida namunaviy

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4790-son qarori, “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-son Farmoni va Qo‘mitaning “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi
    faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2023-yil 11-iyuldagi 32-son buyrug‘iga muvofiq ishlab chiqilgan hamda Qoʻmita tuman (shahar) boʻlimlarining Epidemiologiya va immunoprofilaktika bo‘limining (keyingi oʻrinlarda — Boʻlim) vazifalari va funksiyalari, huquqlari va javobgarligi, faoliyatini tashkil etish va hisobdorligini belgilab beradi.
  2. Bo‘lim o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari, farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qo‘mitaning qarorlari, buyruq va ko‘rsatmalariga shuningdek mazkur Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
  3. Bo‘lim o‘z faoliyatini davlat organlari va tashkilotlari, nodavlat tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
  4. Bo‘lim o‘z hududidagi tashkilot, muassasalarning yuqumli kasalliklar profilaktikasi sohasida faoliyat yuritayotgan tarkibiy tuzilmalari ishini muvofiqlashtirib boradi va ular ustidan uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi.

2-bob. Bo‘limning asosiy vazifalari va funksiyalari

  1. Quyidagilar Bo‘limning asosiy vazifalari hisoblanadi:

karantin, o‘ta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi ustidan epidemiologik nazoratni amalga oshirish — yuqumli kasalliklar va ularning tarqalishiga ta’sir etuvchi omillarni, potensial xavf-xatarlarni aniqlash, baholash;

hududda karantin, o‘ta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklar yuzaga kelishining oldini olishga va ularni kamaytirishga, ularning yuqish yo‘llari va omillariga ta’sir ko‘rsatishga va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar bilan bog‘liq bo‘lgan epidemiologik asoratlar oqibatlarini tugatishga qaratilgan profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar belgilash va o‘tkazilishini tashkil etish;

xizmat ko‘rsatayotgan hududda epidemiyaga qarshi va yuqumli kasalliklarni oldini olishda mulkchilik shaklidan qat’iy nazar tuman va shahar DPMlariga tashkiliy-uslubiy yordam tashkil etish;

epidemiologik vaziyat keskinlashganda, hamda epidemiologik mavsum oldidan yuqumli kasalliklar bo‘yicha noxush mikrohududlarda sanitariya-gigienik, profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar rejalashtirish va uni o‘tkazilishida tibbiyot muassasalariga amaliy va konsultativ yordam ko‘rsatish;

aholiga yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlashlar rejasini tuzish, ularni tashkil etilishi, o‘tkazilishi sifati va xavfsizligini nazorat qilish;

karantin, o‘ta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklar o‘choqlarini bartaraf etish uchun majmuaviy sanitariya-gigiena, profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda qatnashish;

hududdagi barcha davolash profilaktika muassasalarida boshqariluvchi yuqumli kasalliklar va uning profilaktikasida olib boriladigan profilaktik emlash jarayonida tegishli sanitariya qoida va normalari bajarilishini nazorat  qilish va emlash darajasini 95% dan kam  bo‘lmasligini taʼminlash, monitoring ishlarini olib borish;

vaksinalarni qabul qilish va DPMlarga yetkazishda xavfsiz immunizatsiya va sovuqlik zanjiriga rioya etishni monitoringini olib borish;

vaksinalar va emlash qamrovini yangi elektron raqamlashtirish jarayonini amaliyotga tatbiq etish, immunizatsiya masalalarini tashkil etish, emlash hisobotlarini olish, tahliliy hujjatlar tayyorlash va yuqori tashkilotlarga topshirish, haftalik, ommaviy va rejali emlashlarni monitoringini olib borish;

emlashdan so‘ng yuz berishi mumkin bo‘lgan asoratlar yuzasidan monitoring olib borish.

Bo‘lim qonun hujjatlariga muvofiq ravishda boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.

  1. 6. Bo‘lim o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

yuqumli kasalliklar profilaktikasi sohasida davlat dasturlari va hududiy dasturlarda belgilangan tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;

hududida karantin, o‘ta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish borasidagi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

manfaatdor tashkilotlar bilan birga yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi manbalarni yo‘q qilishga, antroponoz va zooantroponoz kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan faoliyatni amalga oshirish;

belgilangan tartibda davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan, sanitariya-epidemiologiya sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi ustidan belgilangan tartibda davlat sanitariya-epidemiologiya nazoratini laboratoriya va instrumental tadqiqot usullarini qo‘llagan holda amalga oshirish;

DPMlar tomonidan karantin, o‘ta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklar o‘chog‘ida epidemiyaga qarshi ishlarni sifatli va vaqtida o‘tkazilishinini nazorat qilish;

nazorat obyektlarida yuqumli kasalliklarning kelib chiqishi holatlari ustidan nazorat olib borish;

hududga karantin, o‘ta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklarning olib kirilishi, olib o‘tilishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha sanitariya-gigienik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarning ijrosini nazorat qilish;

aholining yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlash rejasi asosida vaksinalarga bo‘lgan ehtiyojni hisoblab chiqish va viloyat boshqarmasiga tegishli talabnomalarni taqdim etish;

aholining yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlash uchun rejaga muvofiq vaksinalarni olib kelinishi, zarur sharoitlarda saqlanishi va DPMlarga yetkazilishini ta’minlash;

karantin, o‘ta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklar o‘choqlarida epidemiologik surishtiruv ishlarini amalga oshirish;

emlashdan so‘nggi asoratlarni kelib chiqish sabablarini o‘rganish va natijalari bo‘yicha DPMlarga tegishli tavsiyalar berish;

bo‘lim yuqumli kasalliklar profilaktikasi sohasida qonun hujjatlariga muvofiq ravishda boshqa funksiyalar ham amalga oshirishi mumkin.

aholi o‘rtasida karantin, o‘ta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklarni tarqalishini oldini olish bo‘yicha xonadonlarda (kasallik o‘choqlarida) sanitariya-gigiyenik bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish.

3-bob. Bo‘limning huquqlari va javobgarligi

  1. 7. Bo‘lim o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

hududda yuqumli kasalliklar profilaktikasi va epidemiyasiga qarshi masalalar bo‘yicha tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatida yuqumli kasalliklar profilaktikasi sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini o‘rganish;

tashkilotlarga yuqumli kasalliklar profilaktikasi sohasida aniqlangan kamchiliklar, huquqbuzarliklar, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlar, ularni bartaraf etish haqida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar loyihasini tayyorlash;

karantin, o‘ta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklar profilaktikasi sohasidagi qonun hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida mansabdor shaxslarga ogohlantirish, ko‘rsatma va tavsiya xatlarini tayyorlash;

inson hayoti va salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘diruvchi yuqumli kasalliklar tarqalishi yoxud texnogen yoki tabiiy xususiyatga ega halokat sodir bo‘lishi real xavfi vujudga kelganda mulkchilik shaklidan qat’iy nazar obyektlarda tekshirishlar o‘tkazish;

favqulodda vaziyatlarda, epidemiyalar xavfi yuzaga kelganda va guruhli kasalliklar qayd etilganda (davolash muassasasi xabari, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari va boshqa hollarda) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazish;

davlat organlari va mansabdor shaxslardan Bo‘limga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar va axborotlarni, shu jumladan statistik ma’lumotlarni so‘rash va bepul olish;

o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash uchun rahbariyat bilan kelishilgan holda hokimliklar va idoralar, shuningdek, boshqa tashkilotlar vakillarini chaqirish va jalb etish;

karantin, o‘ta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklar profilaktikasi soxasida konferensiyalar, seminarlar tashkil etish hamda boshqa tashkilotlar tomonidan tashkil etilayotgan shunday tadbirlarda ishtirok etish;

hududda yuqumli kasalliklar profilaktikasi sohasini rivojlantirishga oid dolzarb va istiqboldagi muammolar yechimini ishlab chiqish maqsadida ishchi guruhlarini tuzish;

yuqumli kasalliklar profilaktikasi sohasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish;

karantin, o‘ta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklar profilaktikasi masalalarini ko‘rib chiqishda tuman tibbiyot birlashmasi, Sog‘liqni saqlash boshqarmalarining Hay’ati yig‘ilishlari, sanitariya-epidemiologiya kengashlariga ma’lumotnoma tayyorlash va yig‘ilishda ishtirok etish.

Bo‘lim qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

  1. 8. Bo‘lim:

karantin, o‘ta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklar profilaktikasi sohasida unga yuklangan vazifalar va funksiyalarning o‘z vaqtida hamda samarali bajarilishi;

tumanda (shahar) yuqumli kasalliklar bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlarga erishishni ta’minlash bo‘yicha ishlarining tashkil etilishi;

karantin, o‘ta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha hududiy dasturlar, ish rejalari, tadbirlar, yo‘l xaritalari va boshqa dasturiy hujjatlarning amalga oshirilishi bo‘yicha javobgar hisoblanadi.

4-bob. Bo‘lim faoliyatini tashkil etish va hisobdorligi

  1. Bo‘limga Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bilan kelishilgan holda, tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan bo‘lim boshligʻi boshchilik qiladi.
  2. Bo‘limdagi immunizatsiya ishlariga masʼul vrachlar va yordamchilar o‘z faoliyatini Qoʻmitaning tuman (shahar) bo‘limlari boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan choraklik, yillik ish rejasiga asosan tashkil etiladi.
  3. 11. Bo‘lim boshligʻi bo‘limdagi barcha xodimlarga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi bo‘yicha ular faoliyati yuzasidan muntazam monitoring olib boradi ularning faoliyat samaradorligiga xolisona baho beradi.
  4. Boʻlim boshligʻi Boʻlimga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi.
  5. Boʻlim o‘z faliyatini boshqa bo‘limlar, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda olib boradi.
  6. Boʻlim xodimlari o‘z faoliyatini lavozim yo‘riqnomalari asosida olib boradi.

Boʻlim xodimlari mansabdor shaxs hisoblanmaydi.

  1. 15. Bo‘lim boshlig‘i:

Bo‘lim faoliyatiga bevosita umumiy rahbarlik qiladi, faoliyatini tashkillashtiradi, yo‘naltiradi va nazorat qiladi;

Bo‘limga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;

Sanitariya-epidemiologiya kengashiga muhokama uchun ma’lumotlar tayyorlaydi, shuningdek, Sanitariya-epidemiologiya kengashi qarorlarini bajarilishini ta’minlaydi;

Bo‘limning ish rejalarini ishlab chiqadi, tasdiqlash uchun kiritadi, ularda ko‘rsatilgan vazifalar va tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlaydi;

Bo‘lim xodimlarini rag‘batlantirish, intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida takliflar kiritadi.

Bo‘lim boshlig‘i qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.

  1. Bo‘lim boshlig‘i ish o‘rnida bo‘lmagan vaqtda, xususan xizmat safarida, mehnatga layoqatsizlik davrida uning vazifalari mutaxassislardan biriga yuklanadi. Shuningdek, mutaxassislardan biri ish o‘rnida bo‘lmagan vaqtda uning vazifalari bo‘limdagi boshqa mutaxassisga, agar Bo‘lim 1 ta mutaxassis va Bo‘lim boshlig‘idan iborat bo‘lsa Bo‘lim boshlig‘iga vaqtincha yuklatiladi.
  2. 17.Bo‘lim mutaxassislari:

o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalarning ijrosi uchun shaxsan javobgardir;

Boshqarma boshlig‘i va boshliq o‘rinbosari hamda Bo‘lim boshlig‘i tomonidan berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida ijro etadi;

tuman (shahar) bo‘limlarining hisobot hujjatlarini qabul qiladi.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

  1. 18. Bo‘limni qayta tashkil etish yoki tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
  2. 19. Ushbu nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan xodimlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.