Ovqatlanish gigiyenasi bo‘limi

O‘zbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining 2023-yil 23-dekabrdagi 79-son buyrug‘iga 12-ilova

 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining Ovqatlanish gigiyenasi bo‘limi to‘g‘risida namunaviy

 

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Aholining
    sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-iyuldagi PQ-4790-son qarori, “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-son Farmoni va Qo‘mitaning “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi
    faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2023-yil 11-iyuldagi 32-son buyrug‘iga muvofiq ishlab chiqilgan.
  2. Ushbu Nizom Ovqatlanish gigiyenasi bo‘limi (keyingi o‘rinlarda — Bo‘lim) maqomini, asosiy vazifalarini, funksiyalarini, huquqlari va majburiyatlarini belgilaydi.
  3. Bo‘limning shtat birliklari Boshqarmaning shtat me’yorlari asosida belgilanadi.
  4. Bo‘lim faoliyatiga Bo‘lim boshligʻi rahbarlik qiladi.
  5. Bo‘lim Boshqarma boshligʻi, Boshqarma boshligʻining yoʻnalish boʻyicha oʻrinbosariga bo‘ysunadi.
  6. Bo‘lim o‘z faoliyatini Boshqarmaning boshqa bo‘limlari hamda boshqa davlat organlari bilan hamkorlikda olib boradi.
  7. Boʻlim o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Qonunlari va sohaga doir boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga asoslanadi.
  8. Boʻlim xodimlari o‘z faoliyatini lavozim yo‘riqnomalari asosida olib boradi.
  9. Boʻlim faoliyatini Boshqarmaning ish rejalari asosida olib boradi.

2-bob. Boʻlimning vazifalari va funksiyalari

  1. Boʻlimning vazifalari quyidagilardan iborat:

aholiga xavfsiz va sifati kafolatlangan oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash borasidagi talablarga amal qilinishini nazorat qilish;

Respublika hududidagi umumiy ovqatlanish, savdo va oziq-ovqat ishlab chiqarish korxonalarida davlat sanitariya nazoratini tashkil etishni;

oziq-ovqat mahsulotlari, oziq-ovqat qo‘shimchalarini chetdan kirib kelishi, ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizatsiya qilishga taalluqli hujjatlarni (SanQvaN, O‘zDST, GOST, tashkilot standartlari, texnologik instruksiya) ekspertizadan o‘tkazish va muvofiqlashtirish;

aholi orasida ovqatdan zaharlanish va elementar kasalliklar kelib chiqishining oldini olish hamda mahalliy xususiyatlarni hisobga olgan holda ratsional ovqatlanish to‘g‘risida targ‘ibot ishlarini olib borish.

  1. Boʻlimning funksiyalari quyidagilardan iborat:

aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi talablarga rioya qilinishi ustidan davlat sanitariya nazoratini amalga oshirish;

oziq-ovqat korxonalarini loyihalashtirish, qurish, rejalashtirish, joylashtirish, foydalanishga topshirishda amaldagi sanitariya qoida va normalari hamda qurilish talablariga rioya etilishi, ularning atrof-muhitga zararli omillari ta’sirini oldini olish;

oziq-ovqat mahsulotlari, oziq-ovqat qo‘shimchalari, biologik faol qo‘shimchalarga oid vazirlik, idora, muassasa va korxonalar tomonidan tayyorlanayotgan ilmiy-texnologik va me’yoriy hujjatlarga xulosa berish;

texnik reglamentlar ishlab-chiqilishida idoralararo faoliyatda ishtirok etish;

oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan jihozlar,  texnologik yo‘riqnomalar loyihalarini ko‘rib chiqish va ularni muhokama etadigan idoralararo komissiya faoliyatida ishtirok etish;

oziq-ovqat mahsulotlarini sanitariya-kimyoviy va bakteriologik tekshirishlarning yangi usullarini joriy etish hamda takomillashtirish;

oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, umumiy ovqatlanish va savdo korxonalari ustidan sanitariya-gigiyena nazoratini tahlil qilish va muvofiqlashtirish;

oziq-ovqat mahsulotlarni xavfsizligi, aholining ratsional ovqatlanish tamoyillari bo‘yicha ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminar-anjumanlar, davra suhbatlarida ishtirok etish va ommaviy-axborot vositalari orqali chiqishlarni tashkil etish;

aholi orasida qayd etilgan ovqatdan zaharlanish holatlari bo‘yicha ma’muriy hududlardan ma’lumotlarni qabul qilish, tahlil etish va Boshqarma boshligʻi va Qoʻmitaga axborotlar berish, shuningdek, ovqatdan zaharlanish sabablarini aniqlash hamda profilaktik tadbirlarni maqsadga yo‘naltirilgan tartibda tashkil etilishida hududiy boshqarmalari mutaxassislariga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish;

boʻlimlari mutaxassislarini malakalarini oshirish, kasbiy mahorati-tajribasini oshirish maqsadida ish joyida qayta tayyorlash, o‘quv seminarlari, konferensiyalar va boshqa o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish va qatnashish;

boʻlim faoliyati bo‘yicha yillik hisobotlarni qabul qilish, tahlil etish va mavjud kamchiliklarni kelgusida bartaraf etish yuzasidan axborot xatlari tayyorlash;

jismoniy va yuridik shaxslardan tushgan murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va ijrosi bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar tayyorlash;

xo‘jalik hisobidagi xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq shartnomaviy vazifalarni bajarishda qatnashish;

ovqatlanish gigiyenasi masalalariga taalluqli hujjatlarni tayyorlashda qatnashish;

oziq-ovqat korxonalaridagi dolzarb muammolar hamda Boʻlim faoliyatiga taalluqli masalalar to‘g‘risida Hay’at, selektor va sayyor yig‘ilishlarda muhokama uchun ma’lumot tayyorlash;

aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashda qonunchilikka muvofiq tegishli tadbirlarning ijrosi ustidan vakolati doirasida davlat sanitariya nazoratida qatnashish;

internet tarmog‘i va kompyuter texnologiyalarining zamonaviy usullaridan foydalanish va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish.

3-bob. Boʻlimning huquqlari va majburiyatlari

  1. Boʻlim quyidagi huquqlarga ega:

Boʻlimning faoliyatini yaxshilash maqsadida takliflar kiritish;

boshqa Boʻlimlardan va boshqa davlat organlaridan ish faoliyati uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni so‘rab olish;

aholini sog‘lom ovqatlanishi, ovqatdan zaharlanishlar va o‘tkir yuqumli me’da-ichak kasalliklarni profilaktikasi bo‘yicha tushunchasini yaxshilash maqsadida targ‘ibot materiallarni (maqola, televideniya va radioga matn, eslatma varaqasi, buklet, plakat va h.k.) tayyorlashda ishtirok etish;

  1. Boʻlim quyidagi majburiyatlarni bajarishi lozim:

aholining sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi to‘g‘risida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish va tegishli choralarni belgilash;

yuklatilgan vazifa va funksiyalarni sifatli va samarali bajarish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari, Qarorlari, Farmoyishlari, shuningdek Vazirlar Mahkamasining qarorlari va Sog‘liqni saqlash vazirligining hamda Qoʻmitaning buyruqlari bilan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash;

Boshqarma boshligʻi va o‘rinbosarlarining topshiriqlarini belgilangan muddatda va sifatli ijro etish, bu jarayonda boshqa Boʻlimlar bilan hamkorlikni ta’minlash;

Boshqa Boʻlimlarga faoliyatida zarur bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etish.

4-bob. Bo‘lim faoliyatini tashkil etish

  1. 14. Bo‘limga Boshqarma boshlig‘i tomonidan tayinlanadigan Bo‘lim boshlig‘i rahbarlik qiladi. Bo‘lim boshlig‘i o‘z faoliyatida bevosita Boshqarma boshlig‘ining soha boʻyicha o‘rinbosariga bo‘ysunadi.
  2. Bo‘limning xodimlari Boshqarma boshlig‘ining soha boʻyicha o‘rinbosari bilan kelishilgan holda Boshqarma boshlig‘i tomonidan ishga olinadi va ozod qilinadi.
  3. Bo‘lim boshlig‘i:

Bo‘lim faoliyatiga bevosita umumiy rahbarlik qiladi, faoliyatini tashkillashtiradi, yo‘naltiradi va nazorat qiladi;

Bo‘limga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;

hududiy Sanitariya-epidemiologiya kengashiga muhokama uchun ma’lumotlar tayyorlaydi, shuningdek, Sanitariya-epidemiologiya kengashi qarorlarini bajarilishini ta’minlaydi;

Bo‘limning ish rejalarini ishlab chiqadi, tasdiqlash uchun kiritadi, ularda ko‘rsatilgan vazifalar va tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlaydi;

Bo‘lim xodimlarini rag‘batlantirish, intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida takliflar kiritadi.

Bo‘lim boshlig‘i qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.

  1. Bo‘lim boshlig‘i ish o‘rnida bo‘lmagan vaqtda, xususan xizmat safarida, mehnatga layoqatsizlik davrida uning vazifalari mutaxassislardan biriga yuklanadi. Shuningdek, mutaxassislardan biri ish o‘rnida bo‘lmagan vaqtda uning vazifalari bo‘limdagi boshqa mutaxassisga, agar Bo‘lim 1 ta mutaxassis va Bo‘lim boshlig‘idan iborat bo‘lsa Bo‘lim boshlig‘iga vaqtincha yuklatiladi.
  2. 18.Bo‘lim mutaxassislari:

o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalarning ijrosi uchun shaxsan javobgardir;

Boshqarma boshlig‘i va boshliq o‘rinbosari hamda Bo‘lim boshlig‘i tomonidan berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida ijro etadi;

tuman (shahar) bo‘limlarining hisobot hujjatlarini qabul qiladi.

5-bob. Yakuniy qoidalar

  1. Boʻlim qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
  2. Mazkur Nizom talablarini buzgan xodimlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.