Asosiy vazifalar va funksiyalar

Asosiy vazifalari:

jamoat salomatligi va kasalliklar profilaktikasi hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish va tartibga solish, davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari bilan hamkorlik qilishni taʼminlash;

yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilinishi boʻyicha belgilangan tartibda tekshirishlar oʻtkazish va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasida qonun buzilishlari boʻyicha maʼmuriy javobgarlik choralarini belgilangan tartibda qoʻllash;

oziq-ovqat xavfsizligi sohasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalarining faoliyatini muvofiqlashtirish va ular bilan hamkorlik qilish, oziq-ovqat xom ashyosi va isteʼmol mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash va sotish faoliyati bilan shugʻullanuvchi obyektlar faoliyati, shuningdek, zarur xalqaro amaliyotlarni qoʻllash tajribasiga asoslangan standartlar talablariga rioya etishini nazorat qilish metodologiyasini ishlab chiqish va joriy qilishda ishtirok etish;

sohaga oid xizmatlarni koʻrsatish, mahsulot, ishlar va xizmatlar xavfsizligiga qoʻyiladigan majburiy talablarga taalluqliligi boʻyicha maxsus ekspertizalar tayinlash va oʻtkazish;

yuqumli boʻlmagan, yuqumli, parazitar kasalliklar yuzaga kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan epidemiyaga qarshi va sanitariya-gigiyenik tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

sanitariya-gigiyena, radiatsion gigiyena, fizik omillar, bakteriologiya, virusologiya, parazitologiya va oʻta xavfli kasalliklar tashxisi boʻyicha laboratoriyalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish;

inson salomatligiga taʼsir etuvchi xavfli omillarni boshqarish, tizimli monitoringini yuritish va tahlil qilishning yangi shakl va usullarini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish;

yuqumli va parazitar kasalliklar yuzaga kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya tadbirlari oʻtkazilishini tashkil qilish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish;

sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligini taʼminlash sohasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va boshqarish jarayonida xavf-xatarlarni tahlil qilish va ilmiy asoslangan yondashuvlar asosida oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi siyosatni amalga oshirishga koʻmaklashish;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻlatning tabiiy oʻchoqlari epizootologik monitoringini yuritishini, oʻlat va oʻta xavfli infeksiyalar boʻyicha epidemiologik nazorat hamda profilaktika va epidemiyaga qarshi kompleks tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish;

OIV infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish, OIV va hamroh kasalliklarning oldini olish, tashxis qoʻyish va davolash boʻyicha yagona tizimning amal qilishini taʼminlash, OIV yuqtirgan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatishni;

jamoat salomatligi va kasalliklar profilaktikasi, sanitariya, gigiyena, epidemiologiya, parazitologiya, mikrobiologiya, virusologiyaning dolzarb masalalari boʻyicha istiqbolli yoʻnalishlarni belgilash hamda fundamental, amaliy va ilmiy tadqiqotlar olib borilishini muvofiqlashtirish;

sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, barcha ijtimoiy guruhlarni qamrab olgan holda, fuqarolarni sanitariya-gigiyenik oʻqitishni tashkil etishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali aholining sanitariya madaniyati darajasini oshirish;

turli soha xodimlarining sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari boʻyicha toʻlov-kontrakt asosida malakasini oshirish;

davlat va idoraviy tibbiyot statistikasini yuritish, toʻplash, tahlil etishga uslubiy rahbarlik qilish, aholi salomatligiga salbiy taʼsir qiluvchi omillarni aniqlash maqsadida zarur tekshirishlar va soʻrovlar oʻtkazish;

tarmoqning joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda kadrlarni oʻqitish, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilgʻor usullarini tizimli asosda joriy etish.

Oʻzbekiston Respublikasida sanitariya va fitosanitariya choralari boʻyicha Jahon savdo tashkilotiga (keyingi oʻrinlarda — JST) aʼzo davlatlarni xabardor qilish va ularning asoslangan soʻrovlariga javob berish tartib-taomillarini joriy etish.

Oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

  1. a) jamoat salomatligi va kasalliklar profilaktikasi hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish va tartibga solish, davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish sohasida:

sanitariya-epidemiologiya sohasida tartibga solishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;

sanitariya-epidemiologiya masalalari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi;

inson salomatligi uchun xavf-xatarlar omillarini boshqarish, monitoring va tahlil qilishning yangi shakllari va usullarini ishlab chiqish va joriy etish faoliyatini amalga oshiradi;

Sanepidqoʻmning tarkibiy va hududiy boshqarma va boʻlimlari tomonidan qabul qilingan qarorlarga, shuningdek, ularning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizliklari) yuzasidan shikoyatlarni koʻrib chiqadi;

  1. b) aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari bilan hamkorlik qilishni taʼminlash sohasida:

manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birga respublika hududida sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash, shu jumladan, karantin, oʻta xavfli va boshqa infeksiyalarni, aholi uchun oʻta xavfli boʻlgan tovar va yuklar Oʻzbekiston Respublikasi chegarasidagi oʻtkazish punktlaridan olib kirilishi, olib oʻtilishi va tarqatilishining oldini olish borasidagi kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etadi;

veterinariya xizmati bilan birgalikda kasallik keltirib chiqaruvchi manbalarni yoʻq qilishga, antroponoz va zooantroponoz infeksiyali va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan faoliyatni amalga oshiradi;

  1. v) yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilinishi boʻyicha belgilangan tartibda tekshirishlar oʻtkazish va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasida qonun buzilishlari boʻyicha maʼmuriy javobgarlik choralarini belgilangan tartibda qoʻllash sohasida:

belgilangan tartibda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi ustidan belgilangan tartibda davlat sanitariya-epidemiologiya nazoratini (keyingi oʻrinlarda — nazorat) laboratoriya va instrumental tadqiqot usullarini qoʻllagan holda amalga oshiradi;

oziq-ovqat xom ashyosi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizatsiya qilish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi, shu jumladan, umumiy ovqatlanish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshiradi;

isteʼmolchilarni vodoprovod suvi bilan taʼminlaydigan, oqova suvlarni chiqarib tashlaydigan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshiradi;

qonunchilik hujjatlariga koʻra xodimlari tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan savdo va aholiga xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanadigan, shu jumladan, sartaroshxona va kosmetologiya xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshiradi;

aholiga diagnostika, davolash-profilaktika xizmatlarni koʻrsatish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshiradi;

aholiga tibbiy xizmatlarni koʻrsatish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshiradi;

nazoratdagi obyektlar ishchi-xodimlarini majburiy, dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan oʻtkazish tartibi va davriyligini hamda tibbiy tashkilotlar tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishining toʻliqligini nazorat qiladi;

yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan umumiy ovqatlanish obyektlarida ratsional va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etish boʻyicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarining bajarilishini nazorat qiladi;

yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ionlashtiruvchi va ionlashtirmaydigan nurlanish, shovqin, tebranish va inson salomatligi hamda atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatadigan boshqa fizika omillar bilan ishlashda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etilishini nazorat qiladi;

nazorat obyektlarida oʻtkir va surunkali kasb kasalliklarining kelib chiqish holatlarini nazorat qiladi;

yuqumli va parazitar kasalliklar manbai boʻlgan, shuningdek majburiy tibbiy koʻriklardan oʻz vaqtida oʻtmagan shaxslarni vaqtincha ishdan chetlashtirish toʻgʻrisida ish beruvchilarga takliflar kiritadi;

yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Sanepidqoʻmning rasmiy veb-saytida va ommaviy axborot vositalarida yoritadi;

sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasida xalqaro tashkilotlar va qoʻshni mamlakatlar bilan oʻzaro hamkorlik va muvofiqlashtirishni taʼminlaydi;

xalqaro tashkilotlarning normativ-huquqiy hujjatlarini takomillashtiradi va uygʻunlashtiradi;

  1. g) oziq-ovqat xavfsizligi sohasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalarining faoliyatini muvofiqlashtirish va ular bilan hamkorlik qilish, oziq-ovqat xom ashyosi va isteʼmol mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash va sotish faoliyati bilan shugʻullanuvchi obyektlar faoliyati, shuningdek, zarur xalqaro amaliyotlarni qoʻllash tajribasiga asoslangan standartlar talablariga rioya etishni nazorat qilish metodologiyasini ishlab chiqish va joriy qilishda ishtirok etish sohasida:

oziq-ovqat xavfsizligi sohasida davlat siyosatini yuritish, davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalarining faoliyatini samarali muvofiqlashtiradi va ular bilan hamkorlikni taʼminlaydi;

oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligiga qoʻyiladigan talablarni, kontaminantlarning ruxsat etilgan maksimal miqdorini, shu jumladan, pestitsidlar, biologik va kimyoviy omillar, ozuqa qoʻshimchalari va veterinariya dori vositalarining qoldiq miqdorlarini belgilaydi;

oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash va sotish jarayonining sanitariya-epidemiologik holatini oʻrganadi, oziq-ovqat korxonalarini tekshirish va mahsulotlar importini tartibga solish boʻyicha xavflarni tasniflash mezonlarini belgilaydi va ular asosida tekshiradi;

oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanish toʻgʻrisida xabar berish tartibini belgilaydi va uning oldini olishga qaratilgan epidemiyaga qarshi, shuningdek, sanitariya-gigiyenik tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;

bolalarbop oziq-ovqat mahsulotlari, biologik faol va oziq-ovqat qoʻshimchalarini, yangi oziq-ovqat mahsulotlari, funksional hamda ixtisoslashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazadi va ularning davlat reyestrini yuritadi;

oziq-ovqat xavfsizligini tartibga solish va ularni amalga oshirish masalalari boʻyicha tavsiyalar va ilmiy asoslarni ishlab chiqaruvchi ilmiy ekspert guruhlarini tashkil qiladi va ularning faoliyatini taʼminlaydi;

Alimentarius kodeksi va oziq-ovqat xavfsizligi masalalarini tartibga soluvchi boshqa xalqaro tashkilotlarda belgilangan tartibda qatnashadi;

  1. d) sohaga oid davlat va boshqa xizmatlarni koʻrsatish, mahsulot, ishlar va xizmatlar xavfsizligiga qoʻyiladigan majburiy talablarga taalluqliligi boʻyicha maxsus ekspertizalar tayinlash va oʻtkazish sohasida:

qonunchilikka muvofiq:

sohaga oid davlat xizmatlarini koʻrsatadi;

mahsulotlarning sanitariya-epidemiologik ekspertizasini oʻtkazadi;

maxsus kiritiladigan biologik aktiv moddalarni, kimyoviy moddalarni, oziq-ovqat qoʻshimchalarini, polimer va plastik massalarni, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish hamda ishlab chiqarish uchun ruxsatnoma beradi;

sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirib beradi;

  1. e) yuqumli boʻlmagan, yuqumli, parazitar kasalliklar yuzaga kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan epidemiyaga qarshi hamda sanitariya-gigiyenik tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish sohasida:

hududlarni karantin va oʻta xavfli, yuqumli va parazitar kasalliklarning olib kirilishi, olib oʻtilishi va tarqalishidan sanitariya jihatidan himoya qilish boʻyicha sanitariya-gigiyenik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va nazorat qiladi;

aholi oʻrtasida profilaktik emlashlar oʻtkazish sifati va samaradorligini, oʻz vaqtida qamrab olish jarayonida xavf-xatarni tahlil qiladi va ilmiy asoslangan yondashuvlarni inobatga olgan holda, yuqumli kasalliklarning immunologik profilaktikasi sohasida chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

yuqumli va parazitar kasalliklar oʻchoqlarida surishtiruv ishlarini tashkil etadi, sanitariya-gigiyenaga oid va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar amalga oshirilishini nazorat qiladi;

sanitariya-epidemiologik holatni baholash natijalari boʻyicha aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni muntazam ravishda buzayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan maʼmuriy hamda taqdimnomalar kiritish boʻyicha taʼsir choralarini qoʻllaydi;

aholi yashaydigan hududlarni rivojlantirish, yer uchastkalarini ajratish boʻyicha loyiha materiallarini, xoʻjalik va sanoat maqsadidagi obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarini koʻrib chiqishda va xulosa berishda ishtirok etadi;

tadqiqotlarni sinovdan oʻtkazish, dezinfeksiyalash va sterilizatsiyalashning yangi zamonaviy usullarini joriy qilish uchun sinov bazasini tashkil etadi, yangi texnologik jarayonlar, ishlab chiqarish uskunalari, asboblar va qurilmalarni sanitariya-gigiyena jihatidan ekspertizadan oʻtkazadi;

inson salomatligi va atmosfera havosiga zararli fizik omillar orqali taʼsir koʻrsatuvchi obyektlarning roʻyxatini va hisobini yuritadi hamda nazorat qiladi;

sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni tashkil etadi;

xavfli yuklarni tashishga nisbatan talablarga rioya qilgan holda biomateriallar namunalarini respublika ichida va uning tashqarisida tashish chora-tadbirlarini tashkil etadi;

  1. j) sanitariya-gigiyena, radiatsion gigiyena, fizik omillar, bakteriologiya, virusologiya, parazitologiya va oʻta xavfli kasalliklar tashxisi boʻyicha laboratoriyalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish sohasida:

sanitariya-gigiyena, radiologiya, bakteriologiya, virusologiya, parazitologiya va oʻta xavfli yuqumli kasalliklar laboratoriyalari faoliyatini yoʻlga qoʻyadi;

mazkur laboratoriyalarning faoliyati samaradorligini oshirib boradi;

ushbu laboratoriyalar amaliyotida qoʻllaniladigan hujjatlarni takomillashtirib boradi;

mazkur laboratoriyalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlab boradi;

Sanepidqoʻmning hududiy boshqarmalarida sanitariya-gigiyena, radiologiya, bakteriologiya, virusologiya, parazitologiya va oʻta xavfli yuqumli kasalliklar laboratoriyalari faoliyatini yoʻlga qoʻyishda amaliy yordam koʻrsatadi va mazkur laboratoriyalarni uslubiy jihatdan muvofiqlashtiradi;

  1. z) inson salomatligiga taʼsir etuvchi xavfli omillarni boshqarish, tizimli monitoringini olib borish va tahlil qilishning yangi shakl va usullarini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish sohasida:

karantin va oʻta xavfli yuqumli kasalliklarni hamda boshqa yuqumli, parazitar kasalliklar yuzaga kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan epidemiyaga qarshi va sanitariya-gigiyenik tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

karantin va oʻta xavfli yuqumli kasalliklarni hamda boshqa yuqumli, parazitar kasalliklar va ularning tarqalishiga taʼsir etuvchi omillarni, potensial xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va boshqarish jarayonini tizimli monitoringini olib borish va tahlil qilishning yangi shakl va usullarini ishlab chiqadi hamda amaliyotga joriy etadi;

Respublika hududiga karantin va oʻta xavfli yuqumli kasalliklarni hamda boshqa yuqumli, parazitar kasalliklarni chetdan kirib kelishi va tarqalishini oldini olish boʻyicha epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni tashkil qiladi va oʻtkazishda ishtirok etadi;

  1. i) yuqumli va parazitar kasalliklar yuzaga kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar oʻtkazilishini tashkil qilish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish sohasida:

yuqumli va parazitar kasalliklarning kirib kelishi hamda tarqalishidan hududlarni sanitariya jihatidan muhofaza qilishga doir tadbirlarni muvofiqlashtirib boradi;

atrofdagilar uchun xavf tugʻdiruvchi yuqumli va parazitar kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi xavfi boʻlgan taqdirda, tegishli sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar oʻtkazish toʻgʻrisida qarorlar chiqaradi;

yuqumli va parazitar kasalliklar oʻchoqlarida yuqumli va parazitar kasal deb gumon qilinayotgan shaxslarni aniqlash, ajratib qoʻyish va kasalxonaga yotqizishga, shuningdek, ular bilan muloqotda boʻlgan shaxslarni laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazishga va ularning tibbiy kuzatuvini olib borishga, yuqumli va parazitar kasalliklarning yuqish yoʻllari va omillarini aniqlash hamda ularning insonga taʼsir koʻrsatishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

yuqumli va parazitar kasalliklar yuzaga kelishining oldini olishga va ularni kamaytirishga, ularning yuqish yoʻllari va omillariga taʼsir koʻrsatishga va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar bilan bogʻliq boʻlgan epidemiologik asoratlar oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan profilaktik va oʻchoqli dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya, epidemiyaga qarshi tadbirlar oʻtkazilishini tashkil etadi;

  1. k) sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligini taʼminlash sohasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va boshqarish jarayonida xavf-xatarlarni tahlil qilish va ilmiy asoslangan yondashuvlar asosida oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi siyosatni amalga oshirishga koʻmaklashish sohasida:

aholining xavfsiz ovqatlanish konsepsiyasi, xalqaro tashkilotlarning tavsiyalariga muvofiq ishlab chiqilgan milliy standartlarning amalga oshirilishini taʼminlaydi;

aholining turli guruhlarining ovqatlanish maqomini baholaydi, ovqatlanish sifati bilan bogʻliq boʻlgan aholi salomatligi koʻrsatkichlarini oʻrganadi;

notoʻgʻri ovqatlanish bilan bogʻliq kasalliklarning oldini olish va ularning tarqalish darajasini pasaytirish boʻyicha tadbirlarni ishlab chiqadi, aholi sogʻlom turmush tarzining asoslari sifatida keng tushuntirish ishlari amalga oshirilishini va targʻibotini, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan faol foydalangan holda tashkil etadi;

taʼlim va tibbiyot tashkilotlarida ovqatlanishni tashkil etish tizimlarini tartibga solish, uyushgan bolalar jamoalarining ovqatlanish ratsionini yaxshilash mexanizmlarini takomillashtiradi;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan va xorijdan yetkazib berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari va oziq-ovqat xom ashyosining sifatini nazorat qilishning taʼsirchan mexanizmlarini joriy etadi;

  1. l) Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻlatning tabiiy oʻchoqlari epizootologik monitoringini yuritishni, oʻlat infeksiyasi boʻyicha epidemiologik nazorat hamda profilaktika va epidemiyaga qarshi kompleks tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish sohasida:

hududning sanitariya himoyasi, oʻlat infeksiyasi boʻyicha epidemik vaziyat ogʻirlashuviga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan sanitariya-gigiyenik va epidemiyaga qarshi tadbirlar kompleksini ishlab chiqadi;

Sanepidqoʻm hududiy organlari va tizimidagi tashkilotlarning Oʻzbekiston Respublikasi aholisini karantin va oʻta xavfli kasalliklar epidemiyalaridan muhofaza qilish masalalarida ishtirok etuvchi boshqa vazirliklar va idoralar bilan hamkorligining shakllari va tartibini belgilaydi;

  1. m) OIV infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish, OIV va hamroh kasalliklarning oldini olish, tashxis qoʻyish va davolash boʻyicha yagona tizimning amal qilishini taʼminlash, OIV yuqtirgan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish va ularning ijtimoiy himoyasini tashkil qilish sohasida:

OIV infeksiyasining oldini olish, OIV infeksiyasiga tashxis qoʻyish va OIVni yuqtirib olganlarni maxsus davolash, shuningdek, tashxis qoʻyish, davolash va ilmiy maqsadlarda foydalaniladigan tibbiy preparatlarning, biologik suyuqliklarning xavfsiz boʻlishini nazorat qiladi;

OIV infeksiyasi tarqalishini epidemiologik nazorat qiladi;

OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlari toʻgʻrisida aholini muntazam ravishda xabardor qilib boradi;

OIV mavjudligi yoxud mavjud emasligini aniqlash maqsadida aholini xavfsiz va maxfiy tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish uchun sharoitlar yaratadi;

OIVni yuqtirib olganlarning umrini uzaytirish va turmushi sifatini oshirishga, ularning oʻlimini kamaytirishga doir tadbirlarni amalga oshiradi;

OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi;

  1. n) jamoat salomatligi va kasalliklar profilaktikasi, sanitariya, gigiyena, epidemiologiya, parazitologiya, mikrobiologiya, virusologiyaning dolzarb masalalari boʻyicha istiqbolli yoʻnalishlarni belgilash hamda fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borilishini muvofiqlashtirish sohasida:

sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasida istiqbolli yoʻnalishlarni belgilaydi va dolzarb masalalar boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishda ishtirok etadi;

yuqumli, parazitar va ommaviy yuqumli boʻlmagan, zaharlanish va kasbiy kasalliklarning laboratoriya diagnostikasi, davolash va ularga qarshi kurashishning zamonaviy usullarini ishlab chiqadi va amaliyotga joriy qiladi;

sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlashga qaratilgan fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar tanlovlariga taqdim qilingan ilmiy loyihalarni koʻrib chiqishda ishtirok etadi;

gigiyena va epidemiologiya masalalari boʻyicha ilmiy, oʻquv tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va jamgʻarmalar, shu jumladan, xorijiy ishtirokchilar bilan hamkorlik qiladi, xalqaro ilmiy forumlar va anjumanlarni tashkil etish va oʻtkazishda ishtirok etadi;

  1. o) xavf-xatarlarni barvaqt aniqlashni taʼminlash, baholash va bartaraf etish maqsadida kelib chiqishi oziq-ovqat bilan bogʻliq kasalliklar ustidan milliy monitoring olib borish va nazorat qilish tizimini joriy etish sohasida:

oziq-ovqat mahsulotlari bilan bogʻliq boʻlgan kasalliklarning oldini olish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqish, tayyorlash, saqlash, tashish va sotishni belgilangan tartibda nazorat qiladi;

ommaviy ovqatdan zaharlanish va oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqadigan yuqumli kasalliklarni roʻyxatga olish elektron maʼlumotlar bazasini yaratadi va yuritadi, ularni erta aniqlash va xavflarni bartaraf etish choralarini ishlab chiqadi;

  1. p) sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, barcha ijtimoiy guruhlarni qamrab olgan holda, fuqarolarni sanitariya-gigiyenik oʻqitishni tashkil etishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali aholining sanitariya madaniyati darajasini oshirish sohasida:

fuqarolarni gigiyenaga oid oʻqitish borasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni taʼminlaydi;

faoliyati oziq-ovqat xom ashyosi, oziq-ovqat mahsulotlari, ichimlik suvi va kimyoviy moddalarni ishlab chiqarish, saqlash, tashish va sotish, aholiga maishiy va kommunal xizmat koʻrsatadigan xodimlarni, shuningdek, tibbiyot, taʼlim tashkilotlari xodimlarini ishga qoʻyishdan oldin, tayyorlash va qayta tayyorlashda gigiyena boʻyicha taʼlim berilishini toʻlov-kontrakt asosida tashkil etadi;

sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasida normativ-texnik hujjatlarni ishlab chiqish, obyektlarni loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilishda, korxonalarni texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashda, xavfli kimyoviy, radioaktiv moddalar, biologik vositalar va materiallar bilan bogʻliq ishlarni tashkil etadi va tegishlicha gigiyenik xulosa beradi;

sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va aholining sanitariya boʻyicha savodxonligini oshirish boʻyicha ommaviy axborot vositalari uchun materiallar va maxsus dasturlar ishlab chiqadi;

  1. r) davlat va idoraviy tibbiyot statistikasini yuritish, toʻplash, tahlil etishga uslubiy rahbarlik qilish, aholi salomatligiga salbiy taʼsir qiluvchi omillarni aniqlash maqsadida zarur tekshirishlar va soʻrovlar oʻtkazish sohasida:

sogʻliqni saqlash tizimi hamda boshqa davlat organlari va tashkilotlarining tarkibiga kiruvchi tibbiyot va yordamchi muassasalardagi tibbiy statistika maʼlumotlarini toʻplash, umumlashtirish va tahlil qilishni taʼminlaydi;

aholi sogʻligʻining holatiga va kasalliklar tarqalishiga taʼsir qiluvchi tendensiyalar va qonuniyatlarni aniqlaydi;

davlat va idoraviy tibbiyot statistikasini yuritish, toʻplash va tahlil etishda uslubiy yordam koʻrsatadi;

  1. s) tarmoqning joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda kadrlarni oʻqitish, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilgʻor usullarini tizimli asosda joriy etish sohasida:

Sanepidqoʻm mutaxassislarini oʻqitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga rejalashtirish va tayyorlashda nazorat yuritadi;

tegishli ixtisoslikdagi ilmiy-tadqiqot va taʼlim tashkilotlari bilan birgalikda Sanepidqoʻm mutaxassislarini tayyorlash uchun darsliklar, monografiyalar, oʻquv tavsiyalari va qoʻllanmalarini ishlab chiqadi;

Sanepidqoʻm tarkibiy boshqarma va boʻlimlari hamda idoraviy mansub tashkilotlari rahbarlari lavozimlarini toʻldirish uchun rahbar kadrlar zaxirasini shakllantiradi va tayyorlaydi.

  1. t) Oʻzbekiston Respublikasida sanitariya va fitosanitariya choralari boʻyicha JSTga aʼzo davlatlarni xabardor qilish va ularning asoslangan soʻrovlariga javob berish tartib-taomillarini joriy etish sohasida:

oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini taʼminlash sohasida qabul qilinayotgan va oʻzgartirish kiritilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, normativlar, qoidalar (keyingi oʻrinlarda — SFS choralari) toʻgʻrisida JSTga aʼzo davlatlarni muntazam xabardor qilinishini taʼminlaydi;

vakolatli davlat organlari tomonidan JSTga aʼzo davlatlar uchun umumiy boʻlgan tilda taqdim etilgan ishlab chiqilgan va oʻzgartirish kiritilgan SFS choralariga oid loyihalarni JSTga aʼzo davlatlarga ularga oid sharhlar yoki taklif va eʼtirozlarni olish uchun yuboradi;

JSTga aʼzo davlatlar tomonidan berilgan sharhlar yoki taklif va eʼtirozlar asosida SFS choralariga oid loyihalarni qayta koʻrib chiqish uchun uni tashabbuskor vakolatli davlat organlariga yetkazadi;

JSTga aʼzo davlatlar va boshqa manfaatdor tomonlarning asoslangan soʻrovlariga javob beradi.

Sanepidqoʻm sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.