Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni rivojlantirish bo‘limi

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining 2023-yil 23-dekabrdagi 79-son  buyrug‘iga 5-a-ilova

 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan ishlash bo‘limito‘g‘risidagi namunaviy

 

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta‘minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmati faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 27-iyundagi PQ-4366-son, “O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-iyuldagi PQ-4790-son qarorlari, “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy
    chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-son Farmoni va Qo‘mitaning “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi
    Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi
    faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2023-yil 11-iyuldagi 32-son buyrug‘iga muvofiq ishlab chiqilgan.
  2. Ushbu Nizom Qo‘mita Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining (keyingi o‘rinlarda – Boshqarma) Ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi (keyingi o‘rinlarda — Bo‘lim) vazifalari, huquqlari va majburiyatlari, faoliyatini tashkil etish va hisobdorligini belgilaydi.
  3. Bo‘lim o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, Qo‘mitaning, Boshqarmaning qarorlari, buyruq va ko‘rsatmalariga, shuningdek mazkur nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

2-bob. Bo‘limning vazifalari

  1. 4. Bo‘limning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

Boshqarma faoliyati haqida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlari, shuningdek, boshqa axborot resurslari orqali, shu jumladan matbuot anjumanlari, brifinglar, mediaturlar tashkil etish yo‘li bilan aholiga muntazam, to‘liq va tezkor ravishda axborot taqdim etib borish;

Boshqarmaning mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy taraqqiyoti jarayonidagi ishtiroki haqida axborot berishi va yoritishi bo‘yicha
chora-tadbirlar ishlab chiqishi va amalga oshirishi;

Boshqarmaning ijobiy imijini shakllantirish va ilgari surish, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish va boshqa shakllarda jamoatchilik fikrini o‘rganish;

axborot siyosati sohasida zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda Agentlikning hududiy boshqarmalari bilan samarali amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlik qilish, axborot xizmatlari bilan doimiy ishlovchi jurnalistlar va blogerlar doirasida tezkor ma’lumotlarni tarqatish, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilishda keng aholi qatlamlarining ishtirokini ta’minlash maqsadida ekspertlar guruhini shakllantirish;

muntazam ravishda ommaviy axborot vositalarida Boshqarma boshlig‘i va mutaxassislarning chiqishlarini tashkil etish;

axborot makoni monitoringini olib borish va tahlil qilish, tanqidiy va keng muhokama qilinayotgan axborot xurujlariga tezkor munosabat bildirish, ommaviy axborot vositalari va internet tarmog‘ida tegishli Boshqarma faoliyatiga aloqador axborotni tarqatish bo‘yicha ishlarni tashkil qilish;

Boshqarma mutaxassislari bilan birgalikda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari orqali tarqatish uchun xabar, ma’lumot, sharh va boshqa axborot-tahliliy materiallar tayyorlash;

Boshqarmaning faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik fikrini, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining pozisiyasini o‘rganish, dolzarb takliflar ishlab chiqish va ular to‘g‘risida qo‘mita raisiga axborot berib borish;

Boshqarma faoliyatini xorijiy ommaviy axborot vositalarida sifatli yoritish maqsadida vakolatli vazirliklar va idoralar orqali O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalarini, shuningdek, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalarini axborot materiallari (bosma mahsulotlar, foto-, audio-, videomateriallar va h.k.) bilan ta’minlash;

Boshqarmaning vakolatiga kiruvchi normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari hamda ularning tasdiqlangan matnlarini belgilangan tartibda o‘z rasmiy veb-saytlarida joylashtirish;

Boshqarmaning faoliyatiga aloqador matnli, foto-, audio- va videomateriallardan iborat ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yangilab borish.

3-bob. Bo‘limning huquqlari va majburiyatlari

  1. Bo‘lim o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:

o‘z faoliyatini yaxshilash maqsadida takliflar kiritish;

Boshqarmaning tarkibiy bo‘linmalaridan ish faoliyati uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni olish;

Boshqarmaning barcha majlis, yig‘ilish va boshqa tadbirlarida qatnashish.

operativ masalalarni hal etishda boshqa boshqarma va bo‘lim xodimlari bilan o‘zaro hamkorlikda ishni to‘g‘ri tashkil etish;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining matbuot xizmati bo‘limlari bilan belgilangan tartibda o‘zaro hamkorlik qilish;

Boshqarmaning tarkibiga kiruvchi quyi tizim bo‘linmalari zimmalariga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi bo‘yicha ular faoliyati yuzasidan muntazam nazorat olib boradi, ularning faoliyati samaradorligiga xolisona baho beradi.

  1. Bo‘lim:

o‘ziga yuklangan vazifalarning tegishli darajada va samarali bajarishga;

ish faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga rioya qilishga majbur.

4-bob. Boʻlim faoliyatini tashkil etish va hisobdorligi

  1. 7. Bo‘lim Boshqarmaning tarkibiy qismi hisoblanib, Boshqarma boshlig‘iga bo‘ysunadi. Bo‘lim rahbari bir vaqtning o‘zida Boshqarma boshlig‘ining matbuot kotibi hisoblanib, axborot siyosati masalalari bo‘yicha Boshqarma boshlig‘ining maslahatchisi maqomiga ega bo‘ladi hamda mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlariga ko‘ra Boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
  2. Bo‘lim Boshqarmaning tarkibiy qismi hisoblanib, o‘z faoliyatida Boshqarma boshlig‘iga bo‘ysunadi.
  3. Bo‘lim xodimlari mansabdor shaxs hisoblanmaydi.
  4. Bo‘lim xodimlari faoliyatini lavozim yo‘riqnomalari, Boshqarma boshlig‘I tomonidan tasdiqlangan ish rejalari asosida olib boradi.
  5. Bo‘lim o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining hududiy boshqarmalari, tizim tashkilotlari hamda boshqa davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
  6. Bo‘lim boshlig‘i lavozimiga ustuvor ravishda jurnalist, filolog mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislar, shuningdek, bosh mutaxassis va yetakchi mutaxassis lavozimlariga sanitariya-epidemiologiya vrachi mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislar tayinlanadi.
  7. 13. Bo‘lim boshlig‘i Bo‘lim faoliyati bo‘yicha Boshqarma boshlig‘iga choraklik va yillik hisobot beradi.
  8. Bo‘lim boshlig‘i ish o‘rnida bo‘lmagan vaqtda, xususan xizmat safarida, mehnatga layoqatsizlik davrida uning vazifalari mutaxassislardan biriga yuklanadi.

Shuningdek, mutaxassislardan biri ish o‘rnida bo‘lmagan vaqtda uning vazifalari Bo‘limdagi boshqa mutaxassisga, agar Bo‘lim 1 ta mutaxassis va Bo‘lim boshlig‘idan iborat bo‘lsa Bo‘lim boshlig‘iga vaqtincha yuklatiladi.

5-bob. Yakuniy qoidalar

  1. Bo‘lim qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
  2. Ushbu Nizom talablarini buzgan aybdor bo‘lgan xodimlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.