Kommunal gigiyena bo‘limi

O‘zbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining 2023-yil 23-dekabrdagi 79-son buyrug‘iga 10-ilova

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining Kommunal gigiyena bo‘limi to‘g‘risida namunaviy

 

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Aholining
    sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-iyuldagi PQ-4790-son qarori, “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-son Farmoni va Qo‘mitaning “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi
    faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2023-yil 11-iyuldagi 32-son buyrug‘iga muvofiq ishlab chiqilgan.
  2. Ushbu nizom Qo‘mita Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda — Boshqarma) Kommunal gigiyena bo‘limining (keyingi o‘rinlarda — Bo‘lim) vazifa va funksiyalari, huquq va majburiyatlari, faoliyatini tashkil etish va hisobdorligini belgilab beradi.
  3. Bo‘lim o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari, farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qo‘mitaning qarorlari, buyruq va ko‘rsatmalariga, shuningdek, mazkur Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

2-bob. Bo‘limning vazifalari va funksiyalari

  1. 4. Quyidagilar Bo‘limning asosiy vazifalari hisoblanadi:

nazorat va profilaktik faoliyatga yo‘naltirilgan aholining sanitariya osoyishtaligini ta’minlash, aholi salomatligini saqlash va yaxshi hayot kechirishi uchun tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirish;

atrof-muhit noxush omillari ta’siri natijasida aholining kasallanishini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirilishi ustidan nazorat olib borish;

insonni o‘rab turgan atrof-muhit (ochiq suv havzalari, tuproq, atmosfera havosi)ni sog‘lomlashtirish, aholiga fizik omillar (shovqin, silkinish, elektromagnit nurlanish va h.), kimyoviy va boshqa omillarning noxush ta’sir etishini kamaytirish, maishiy sharoitini sog‘lomlashtirish;

joriy va ogohlantiruvchi Davlat sanitariya nazoratini amalga oshirish;

nazorat ostidagi obyektlarning sanitariya holatini tahlil qilish, amaldagi sanitariya-gigiyena, epidemiyaga qarshi qoida va me’yorlar asosida chora-tadbirlar ishlab chiqarish va ularning ijrosini nazorat qilish;

aholi salomatligi masalalari bo‘yicha davlat organlari va mulkchilikning shaklidan qat’iy nazar korxona va tashkilotlarning harakatini muvofiqlashtirish.

  1. 5.Davlat sanitariya nazorati olib boriladigan obyektlarga quyidagilar kiradi:

shahardan tashqari zonalarga tutashib ketgan shaharlar, shu jumladan, shahar tipidagi mavzelar va ishchi massivlar;

qishloq va boshqa aholi yashash punktlari;

madaniy-maishiy dam olish joylaridagi ochiq suv havzalari, suv olish inshootlari va sanitariya himoya zonalari, gidrotexnik inshootlar, vodoprovod hamda kanalizatsiya tozalash inshootlari;

ishchilar, talabalar yotoqxonalari, mehmonxonalar, motel, kemping, jamoat binolari, davlat sanitariya nazorati ostidagi obyektlariga kiradigan obyektlar;

maishiy xizmat va kommunal xo‘jaligi korxona va obyektlari:

hammom, kirxona, kimyoviy tozalash korxonalari, sartaroshxona, kosmetika xonalari, aholi tomonidan kiyim va oqliklarini yuvish, tozalashga topshiriladigan punktlar, modalar atelesi, oyoq kiyim ta’mirlash ustaxonalari;

dorixona, kurort, sanatoriy, dam olish uylari, pansionat, kemping, shahardan tashqarida joylashgan uyushgan dam olish bazalari, kattalar uchun turistik va ekskursiya bazalari, madaniyat va istirohat bog‘lari, qariyalar uyi;

jismoniy-sport obyektlari, stadion, sportzal, ochiq yopiq basseynlar, uchish joylari (katki), tennis kortlari, jamoat plyajlari;

madaniy-maishiy obyektlar:

kinoteatr, teatr, madaniyat saroyi, klub, konsert saroylari, sirk, biblioteka, ko‘rgazma majmualari;

univermag, sintetik va polimer, parfyumeriya-kosmetika va maishiy kimyo, maishiy va uy jihozlari, shaxsiy gigiyena mahsulotlari bilan savdo qiluvchi sanoat mollari do‘konlari, kitob do‘koni, sanoat mollari bazalari va bozorlar;

savdo tarmoqlariga ishlab chiqarilayotgan sintetik ashyolar, maishiy kimyo, maishiy va uy jihozlari hamda shaxsiy gigiyena mahsulotlarini nazorat qilish;

avtovokzallar, yo‘lovchilar yig‘iladigan joylar, temir yo‘l vokzallari;

aloqa korxonalari;

omborlar, aholidan yig‘iladigan ikkilamchi xom ashyoni qabul qilish punktlari;

dafn etish joylari, maishiy chiqindilarni zararsizlantirish va utilizatsiya qilish joylari, sanoat chiqindilari utilizatsiya qilinmaydigan poligonlar; chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish bo‘yicha korxonalar;

oliy o‘quv yurtlari;

ilmiy-tekshirish institutlari, texnologik jihozlari bo‘lmagan va ishlab chiqarishga ega bo‘lmagan obyektlar.

Ogohlantiruvchi sanitariya nazorati quyidagi holatlarda o‘tkaziladi:

obyekt qurilishi uchun yer tanlash va ajratishda, loyihalashtirish, qurilish va rekonstruksiya qilishda;

yangitdan qurib bitkazilgan, rekonstruksiya qilingan va profili o‘zgantirilgan obyektlar qurilishi yakunlanganda qabul qilib olishda;

maishiy kimyo, polimer materiallar,maishiy va uy jihozlari, shaxsiy gigiyena, sanitariya-texnik, mebel ishlab chiqarishda.

Joriy sanitariya nazoratini quyidagi holatlarda oʻtkaziladi:

aholining yashashi uchun sanitariya sharoitlari, turmush tarzi va maishiy xizmat holatini baholash uchun yuqorida sanab o‘tilgan obyektlarni maqsadli tematik va rejali tekshirish, shuningdek, monitoring olib borishda;

nazorat ostidagi obyektlar, hududlarni sanitariya holatini dinamik baholash va tahlil qilish, obyektlarning sanitariya holatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni bajarilishida;

mehnat sharoitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirilishi ustidan nazorat olib borishda;

kommunal obyektlarda xizmat qiladigan ishchilar orasida umumiy va kasb kasalliklarni kelib chiqishini oldini olish hamda kamaytirish, ishchilarni sog‘ligini va mehnat sharoiti sanitariya-gigiyena holatini baholash, ularning salomatligini yaxshilash va kasb kasalliklarini kamaytirish yuzasidan talabnoma va tavsiyalar berishda;

aholini xavfsiz va sog‘lom muhitda yashashlari uchun davlat boshqaruv organlariga takliflar tayyorlash va olib kirishda.

  1. Bo‘lim quyidagi funksiyalarni bajaradi:

Davlat sanitariya nazoratini o‘tkazish;

amaldagi sanitariya qoida va normalari talablari asosida aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan va atrof-muhitni ifloslantiruvchi noxush omillar, ya’ni shovqin, silkinish, elektromagnit nurlanish va boshqa omillarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berish;

yangi samarali ish uslublari, profilaktika vositalarini, yangi tashkiliy uslublarni o‘rganish va tadbiq etish;

ishchilarni ishga kirishdan oldin va davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va yakunlash jarayonlarida ishtirok etish hamda nazorat qilish;

nazorat ostidagi obyektlarda laboratoriya tahlillari olib borish, sanoat ishlab chiqarish korxonalari laboratoriyalariga atmosfera havosi va ochiq suv havzalarini ifloslanishini nazorat qilish bo‘yicha uslubiy yordam ko‘rsatish;

aholi va nazorat ostidagi obyektlarda xizmat qiladigan ishchilar orasida gigiyena bilimini targʻibot qilishda ishtirok etish;

Boʻlim faoliyatiga oid shikoyat va arizalarni ko‘rib chiqish;

sanitariya vrachlari va vrach yordamchilarini kasb mahorati va malakasini davriy oshirib borish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

kommunal gigiyena masalalari bo‘yicha aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda ishtirok etish.

3-bob. Bo‘limning huquq va majburiyatlari

  1. Bo‘lim ITI, TTA uchun buyurtmalarni shakllantirishda, shuningdek kommunal gigiyenaning dolzarb masalalari, ilmiy-amaliy ishlarni amaliyotga tadbiq etishda hududiy tashkilotlar mutaxassislari bilan birga ishtirok etish huquqiga ega.
  2. Bo‘lim:

aholining sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi to‘g‘risida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish va tegishli choralarni belgilashga;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari, Qarorlari, Farmoyishlari, shuningdek Vazirlar Mahkamasining qarorlari va Sog‘liqni saqlash vazirligining buyruqlari bilan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash va joylardagi ijrosini nazorat qilishga majbur.

4bob. Boʻlim faoliyatini tashkil etish va hisobdorligi 

  1. Bo‘lim o‘z faoliyatini Qo‘mita hamda uning hududiy boshqarma va bo‘limlari, boshqa vazirlik va idoralar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
  2. 10. Bo‘lim Boshqarmaning tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi va
    to‘g‘ridan-to‘g‘ri Boshqarma boshlig‘i va sanitariya masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga bo‘ysunadi.
  3. 11. Bo‘limning shtati Boshqarmaning shtatlaridan kelib chiqib belgilanadi.
  4. Bo‘lim boshlig‘i ish o‘rnida bo‘lmagan vaqtda, xususan xizmat safarida, mehnatga layoqatsizlik davrida uning vazifalari mutaxassislardan biriga yuklanadi. Shuningdek, mutaxassislardan biri ish o‘rnida bo‘lmagan vaqtda uning vazifalari bo‘limdagi boshqa mutaxassisga, agar bo‘lim 1 ta mutaxassis va bo‘lim boshlig‘idan iborat bo‘lsa bo‘lim boshlig‘iga vaqtincha yuklatiladi.
  5. Bo‘limning sanitariya vrachi lavozimiga Tibbiyot institutining tibbiy profilaktika fakultetini tamomlagan vrachlar tayinlanadi.
  6. Boʻlim xodimlari mansabdor shaxs hisoblanmaydi.

5-bob. Yakuniy qoidalar

  1. Bo‘lim qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
  2. Mazkur Nizom talablarini buzgan xodimlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar hisoblanadi.