O‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘limi
O‘zbekiston Respublikasi Sogʻlqini saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining 2023-yil 23-dekabrdagi 79-son buyrug‘iga 16- ilova
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining O‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘limlari to‘g‘risida namunaviy
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
- Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”
2020-yil 27-iyuldagi PQ-4790-son qarori, “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-son Farmoni, Qo‘mitaning “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi
faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2023-yil 11-iyuldagi 32-son buyrug‘iga muvofiq ishlab chiqilgan va Qoʻmitaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining (keyingi oʻrinlarda – Boshqarma) O‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘limlari (keyingi oʻrinlarda – Boʻlim) vazifalari va funksiyalari, huquqlari va majburiyatlari, faoliyatining tashkiliy asoslari va hisobot berish tartibini belgilab beradi. - Boʻlim karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning O‘zbekiston Respublikasi hududiga chetdan kirib kelishini, shuningdek, tabiiy o‘choqli hududlardan kelib chiqishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha
sanitariya-epidemiologiya nazoratini ta’minlovchi va ma’muriy hududda karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi hamda Boshqarma tarkibiga kiradi. - Bo‘lim o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari, farmoyishlari, boshqa huquqiy-normativ hujjatlar, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qo‘mitaning qarorlari, buyruq va ko‘rsatmalariga shuningdek mazkur Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
2-bob. Bo‘limning vazifalari va funksiyalari
- Bo‘limning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar o‘choqlarini bartaraf etish uchun majmuaviy sanitariya-gigiyena, profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish;
Qo‘mitaning tuman (shahar) bo‘limlari mutaxassislariga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish;
ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy va o‘rta tibbiyot bilim yurtlari mutaxassislari bilan hamkorlikda karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha ilmiy-amaliy hamda o‘quv-seminarlarini tashkil qilish va o‘tkazish;
aholining karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha xabardorligini oshirish.
- Bo‘lim quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
vabo, sariq isitma, kuydirgi, brusellyoz, manqa, melioidoz, quturish, ornitoz, toshmali tif, Ku-isitmasi, virusli gemorragik isitmalar (KQGI, BSKGI, Omsk, Ebola, Lassa, Marburg va boshqalar), leptospiroz, psevdotuberkulyoz, maymun chechak va paranda grippi, koronavirus infeksiyasi kabi o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni chetdan kirib kelishi va tarqalishini, shuningdek, respublikada uchraydigan tabiiy o‘choqli kasalliklarni qayd etilishinining oldini olish yuzasidan o‘tkazilayotgan tadbirlar ustidan nazorat olib boradi va tashkiliy-uslubiy rahbarlik qiladi hamda yuqorida ta’kidlangan kasalliklar ro‘yxatga olinganda, epidemilogik o‘choqlarni qamrab olish va bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarda ishtirok etish;
o‘lat va tulyaremiya kasalliklarining oldini olish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
ushbu Nizomning karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha tegishli idoralar bilan hamkorlikda majmuaviy rejalar, dasturlar, buyruqlar ishlab chiqishda hamda EQKFK, SSB hay’at va
sanitariya-epidemiologik kengash yig‘ilishlariga ma’lumotlarni tayyorlashda ishtirok etish;
ushbu Nizomning karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar profilaktikasi va tashxisoti bo‘yicha tuman (shahar) bo‘limlariga tashkiliy-uslubiy, shuningdek, davolash-profilaktika muassasalari va idoraviy xizmatlarga profilaktik hamda epidemiyaga qarshi tayyorgarlik ishlarida uslubiy yordam ko‘rsatish;
o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar, jumladan, tabiiy o‘choqli kasalliklar ustidan epidemiologik va epizootologik monitoringni tashkil etish;
o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarga qarshi emlash ishlarini rejalashtirish va uning bajarilishi ustidan nazorat qilish, shuningdek, emlashdan keyingi asoratlar ro‘yxatga olinsa, immunoprofilaktika bo‘limi mutaxassislari bilan hamkorlikda nazorat ishlarini o‘tkazish;
o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar o‘chog‘ida amaldagi hujjatlar asosida laboratoriya tahlil ishlarini tashkil etish;
o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarni ma’muriy hududlar bo‘yicha tahlil qilish;
o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha hisobot yuritishda ishtirok etish;
DPMlarda I-II guruh infeksiyalariga qarshi o‘tkazilayotgan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar bo‘yicha tayyorgarligikni tekshirish;
Sanitariya-karantin punktlari (keyngi o‘rinlarda — SKP) faoliyati ustidan nazorat olib borish va SKP xodimlariga tashkiliy-uslubiy yordam ko‘rsatish;
o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni profilaktikasi bo‘yicha aholi o‘rtasida sanitariya-targ‘ibot ishlarini olib borishda ishtirok etish;
manfaatdor tashkilotlar, idoralar va muassasalar bilan o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar o‘chog‘ini chegaralash va bartaraf etish bo‘yicha
o‘quv-mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazishda ishtirok etish;
o‘lat profilaktika markazi va ilmiy tadqiqot insitutlari bilan I-II guruh infeksiyalari epidemiologiyasi, tashxisoti va profilaktikasi bo‘yicha ilmiy-amaliy tadbirlarda hamda rejim komissiyasi ishida ishtirok etish.
- 6. Bo‘lim qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
3-bob. Bo‘limning huquqlari va majburiyatlari
- 7. Bo‘lim quyidagi huquqlarga ega:
Bo‘lim faoliyatini yaxshilash maqsadida takliflar kiritish;
Boshqarmaning boshqa bo‘limlaridan va quyi tashkilotlaridan ish faoliyati uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni so‘rab olish;
aholini yuqumli kasalliklarni profilaktikasi bo‘yicha tushunchasini yaxshilash maqsadida targ‘ibot materiallarini (eslatma varaqasi, buklet, plakat va h.k.) tayyorlashda ishtirok etish.
- Bo‘lim karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning O‘zbekiston Respublikasi hududiga chetdan kirib kelishini, shuningdek, tabiiy o‘choqli hududlardan kelib chiqishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha qonunga zid bo‘lmagan boshqa huquqlarga ham ega bo‘ladi.
- 9.Bo‘limga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
davlat hamda boshqa organlar, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan aholi o‘rtasida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni kelib chiqishi va tarqalishining oldini olish ustidan o‘rnatilgan tartibda nazorat olib borish;
jismoniy va yuridik shaxslarning aholi o‘rtasida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni tarqalishni oldini olish masalalari bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish;
o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemiologik vaziyat va aholi o‘rtasida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni kelib chiqishi va tarqalishni oldini olishni ta’minlash borasida ko‘rilayotgan choralar haqida Qo‘mita rahbariyatini xabardor qilish;
sohaga doir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlari ijrosi hamda nazoratini ta’minlash.
4-bob. Boʻlim faoliyatini tashkil etish va hisobdorligi
- 10. Bo‘lim o‘z faoliyatida Boshqarma boshlig‘iga va Boshqarma boshligʻining birinchi o‘rinbosariga boʻysunadi.
- Bo‘lim o‘z faoliyatida Boshqarmaning boshqa bo‘limlari, Qo‘mitaning Epidemiologiya va oʻta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘limi, Sog‘liqni saqlash boshqarmalari va quyi tizimdagi boshqa tashkilotlar, tibbiyot bilim yurtlari bilan karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qiladi.
- Bo‘limga vrach epidemiolog rahbarlik qiladi, u Boshqarma boshlig‘i tomonidan tayinlanadi va vazifasidan ozod etiladi.
- Boshqarma boshlig‘i epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda, Boʻlim ish faoliyatini boshqa bo‘linmalar faoliyati bilan muvofiqlashtirib boshqaradi.
- Bo‘lim rejim talablariga javob beruvchi ish joylari, asbob-uskunalar, zaruriy jihozlar, seyf, maxsus himoya kiyimlari bilan ta’minlanadi, unga karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar o‘choqlariga o‘z vaqtida chiqish uchun tezkor xizmat ko‘rsatuvchi avtotransport ajratiladi.
- 15.Bo‘lim vrachlari belgilangan tartibda maxsus tayyorgarlikdan o‘tishlari shart.
- 16.Bo‘limning shtat normativlari Boshqarmaning shtat normativlari asosida belgilanadi.
- Bo‘lim boshlig‘i:
tizimli ravishda Bo‘lim faoliyati bo‘yicha bevosita yoʻnalish boʻyicha Boshqarma boshligʻi oʻrinbosariga hisobot beradi;
Bo‘limdagi barcha xodimlarga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi bo‘yicha ular faoliyati yuzasidan muntazam monitoring olib boradi, ularning faoliyat samaradorligiga xolisona baho beradi.
monitoring va baholash yakunlari bo‘yicha alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarni rag‘batlantirish yoxud yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar uchun intizomiy jazo qoʻllash toʻgʻrisida Boshqarma boshligʻiga taklif kiritadi.
- Bo‘lim boshlig‘i ish o‘rnida bo‘lmagan vaqtda, xususan xizmat safarida, mehnatga layoqatsizlik davrida uning vazifalari mutaxassislardan biriga yuklanadi. Shuningdek, mutaxassislardan biri ish o‘rnida bo‘lmagan vaqtda uning vazifalari bo‘limdagi boshqa mutaxassisga, agar bo‘lim 1 ta mutaxassis va bo‘lim boshlig‘idan iborat bo‘lsa bo‘lim boshlig‘iga vaqtincha yuklatiladi.
Boʻlim xodimlari mansabdor shaxs hisoblanmaydi.
- 19. Bo‘lim mutaxassislari:
o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalarning ijrosi uchun shaxsan javobgardir;
Boshqarma boshligʻi va o‘rinbosarlari hamda Boʻlim boshligʻi tomonidan berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida ijro etadi;
hududiy boshqarmalarning faoliyati bo‘yicha hisobotlar qabul qiladi, jamlaydi va tahliliy ma’lumotlar tayyorlaydi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
- Bo‘limni tugatish va qayta tashkil etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
- Mazkur nizom talablarini buzgan xodimlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

