Virusologiya laboratoriyasi

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining 2024-yil 25-yanvardagi 8-sonli  buyrug‘iga 9-a-ilova

 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining Virusologiya laboratoriyasi to‘g‘risida namunaviy

 

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-iyuldagi PQ-4790-son qarori, “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-son Farmoni, Qo‘mitaning “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi
    faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2023-yil 11-iyuldagi 32-son buyrug‘iga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda — Boshqarma) Virusologiya laboratoriyasining vazifalari va funksiyalari, huquqlari va majburiyatlari, faoliyatini tashkil etish va hisobdorligini belgilab beradi.
  2. Virusologiya laboratoriyasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari, farmoyishlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoʻmitaning qarorlari, buyruq va ko‘rsatmalariga, shuningdek mazkur Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

2-bob. Virusologiya laboratoriyasining asosiy vazifalari va funksiyalari

 3. Virusologiya laboratoriyasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

virusologik tekshiruvlar o‘tkazish, aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklar kelib chiqishini sabablari monitoringini olib borish, tashqi muhitni sog‘lomlashtirish, epidemiyaga qarshi kompleks chora-tadbirlarda ishtirok etish;

virusologiya sohasiga oid tizimni yaratish;

avariya holatlarini bartaraf etishda sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish, manfaatdor muassasalar va idoralarning tegishli bo‘linmalarini jalb etgan holda, yuqumli kasalliklarni aniqlash hamda ularning oldini olish tadbirlarini o‘tkazish.

  1. 4.Virusologiya laboratoriyasi quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

mulkchilik shaklidan qat’iy nazar korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalar va jismoniy shaxslarning sanitariya qoida va me’yorlariga amal qilishlari, epidemiyaga qarshi talablarning bajarishlari ustidan davlat sanitariya nazoratini amalga oshirishda ishtirok etish;

virusli infeksiyalarga tekshiruvlar o‘tkazish uchun namunalarni olish, saqlash va laboratoriyaga tashish bo‘yicha davolash-profilaktika muassasalari mutaxassislariga maslahat yordamini ko‘rsatish;

virusologik, sanitariya-virusologik, serologik, immunologik, molekular-biologik va boshqa amaliyotda mumkin bo‘lgan laboratoriya tekshiruvlar o‘tkazish:

virus tabiatli yuqumli kasalliklar qo‘zg‘atuvchilarini aniqlash;

epidemiologik vaziyatni oldindan aniqlash maqsadida aholi orasida va atrof-muhitda viruslar (gripp va boshqa respirator viruslar, enteroviruslar, rotaviruslar va boshqa)ning aylanishini o‘rganish;

infeksiya o‘chog‘ida patogen viruslarning yuqish yo‘llari va faktorlarini aniqlash;

poliomielit, qizamiq virusi va zarur bo‘lganda boshqa viruslarga qarshi aholining gumoral immuniteti darajasini nazorat qilish; yuqish xavfi yuqori bo‘lgan guruhga kiradigan shaxslar orasida virusli kasallikka chalinganlarni barvaqt aniqlash;

amaliyotda ishlatiladigan viruslarga qarshi profilaktik preparatlar immunologik samaradorligini o‘rganish;

virusli kasalliklarga qarshi kurashish, ularni oldini olish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqishda ishtirok etish;

tekshiruv natijalarini analiz qilish va umumlashtirish;

virusli infeksiyalar bilan kasallanishni prognoz qilishda, profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar ishlab chiqishda ishtirok etish;

olingan tekshiruv natijalarini umumlashtirish asosida olib boriladigan
ilmiy-amaliy ishlarda ishtirok etish;

Boshqarma boshlig‘iga o‘zining faoliyatini yaxshilash borasida takliflar kiritish;

Boshqarma boshlig‘idan oʻz faoliyati uchun zarur bo‘ladigan laboratoriya asbob-anjomlari, apparatlar, preparatlar, reaktivlar, diagnostikumlar,
ozuqa-muhitlari bilan ta’minlashini talab etish;

xodimlarning bilim va malakalarini muntazam ravishda oshirishni tashkillashtirish;

fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarini o‘rganib chiqish, ushbu masalalarda yuzaga kelgan ziddiyatlarni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish;

oʻz faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni amaliyotga joriy etish;

qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa funksiyalarni amalga oshirish.

3-bob. Virusologiya laboratoriyasining huquqlari va majburiyatlari

  1. 5.Virusologiya laboratoriyasi quyidagi huquqlarga ega:

Laboratoriya faoliyatini yaxshilash maqsadida takliflar kiritish;

Boshqarmaning boshqa bo‘limlaridan ish faoliyat uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni so‘rab olish;

aholini yuqumli kasalliklarni profilaktikasi bo‘yicha bilim savodxonligini yuksaltirish maqsadida maqola, televideniya va radioga matn, eslatma varaqasi, buklet, plakat va h.k. tayyorlashda ishtirok etish;

Laboratoriya mutaxassislarining kasbiy malakasini oshirish uchun o‘qitish.

Virusologiya laboratoriyasi qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa huquqlarga ham ega bo‘ladi.

  1. Virusologiya laboratoriyasiga:

3-4-guruh patogen mikroorganizmlar chaqiruvchilari bilan ishlashda xavfsizlik texnikasi va shaxsiy gigiyena qoidalariga qattiq rioya qilish;

xavfsizlik texnikasi bo‘yicha instruktajdan muntazam o‘tish;

lavozim yo‘riqnomasi talablarini sifatli va samarali bajarish;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va zarur choralar ko‘rish;

sanitariya-epidemiologik vaziyat va aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash bo‘yicha ko‘riladigan choralar to‘g‘risida jismoniy va yuridik shaxslarga xabar berish;

aniqlangan xavf to‘g‘risida o‘z vaqtida aholini ogohlantirish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlari ijrosi hamda nazoratini ta’minlash kabi majburiyatlar yuklatiladi.

4-bob. Virusologiya laboratoriyasi faoliyatini tashkil etish va hisobdorligi

  1. 7. Virusologiya laboratoriyasi mudiri bevosita Boshqarma boshligʻiga bo‘ysunadi.
  2. Virusologiya laboratoriyasi o‘z faoliyatida Boshqarmaning tarkibiy tuzilmalari, Virusologiya ilmiy tekshirish instituti, Toshkent Tibbiyot akademiyasi, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, boshqa tibbiy tashkilot va korxonalar, JSST Yevropa hududiy Byurosi bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
  3. Virusologiya laboratoriyasiga vrach virusolog rahbarlik qiladi, laboratoriya mudiri Boshqarma boshligʻi tomonidan tayinlanadi va vazifasidan ozod qilinadi.
  4. Boshqarma boshligʻi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda Virusologiya laboratoriyasi ish faoliyatini hududiy boshqarmalarning boshqa bo‘limlari faoliyati bilan muvofiqlashtirib boradi.
  5. Virusologiya laboratoriyasi amaldagi rejim talablariga javob beruvchi ish joylari, asbob-uskunalar, zaruriy jihozlar, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanadi.
  6. 12.Virusologiya laboratoriyasi shtat normativlari qonunchilik talablari asosida tasdiqlanadi.
  7. 13. Virusologiya laboratoriyasi mudiri ishda boʻlmagan vaqtda (mehnat ta’tili, mehnatga layoqatsizlik davrida) uning vazifasi laboratoriyadagi vrachlardan biriga yuklanadi.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

  1. 14. Virusologiya laboratoriyasini qayta tashkil etish yoki tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
  2. Mazkur nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan xodimlar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.